Архитектура и проектирование в Узбекистане www.sds.uz
Сухие строительные смеси edemix.uz

Xotin emas, XONIM deb ayting

Хотин эмас, ХОНИМ деб айтинг.

Ey, erkaklar!
Xotiningizni,
Xotin emas, XONIM deb ayting.
Ichingizda mardlari bo‘lsa,
SUYUKLIGIM, YORIM deb ayting.

Xotin demang, JONON deb ayting,
Jonin sizga fido qilgan-ku!
Bitta bo‘sa qo‘ngan yuzidan,
Yuz yil keta olmaydi kulgu.

Xotin demang, sovuq bu kalom,
Hech bo‘lmasa AYOLIM denglar.
Yolg‘ondakam, bir yilda bir bor,
Senda fikru xayolim denglar.

Xotin deya alqamang zinhor,
Ja bo‘lmasa ayting ismini.
Yigirma besh yilda bo‘lsa ham,
Bir bor maqtab qo‘ying husnini!

ONASI deng, ONAJONISI,
Ming o‘rgilsin mehriboningiz.
Uning shodon kulgularidan,
Nurga to‘lsin xonadoningiz.

GULIM denglar, FARISHTAM denglar,
Ayting, sizdan nima ketadi,
Axir biiiitta shirin so‘zingiz,
Yuz yil yashashiga yetadi.

Xotin, deysiz, hoy, deysiz goho,
MOHIM, OYIM desa bo‘lmasmi.
Bitta so‘zdan, birgina so‘zdan,
Yarimgina ko‘ngli to‘lmasmi?!

Ranjitsalar gohida bilmay,
Qancha bo‘lsa baqirib to‘ying.
Lekin...
Yoshi qirqdan oshsa ham,
YAXSHI QIZ! - deb chaqirib qo‘ying!

Яндекс.Метрика